21 Mart 2023 yil 463

IIBB boshlig‘ining Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan bayram tabrigi

Hurmatli hamkasblar, qadrli ofitserlar, serjant va safdorlar hamda muhtaram faxriylar!

Avvalo, sizlarni va sizlar orqali barcha yurtdoshlarimizni 21 mart sharqona yangi yil – Navro‘z umumxalq bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Ming yillar oldin ota-bobolarimiz bu ulug‘ ayyomni qanday pok niyat va yorug‘ umidlar bilan kutib olgan bo‘lsalar, bugun ham xalqimiz mana shunday baland kayfiyat bilan Navro‘zga peshvoz chiqmoqda. Shunday shukuhli va betakror damlarda barchamiz tinch va osoyishta hayot hamda xotirjamlik qadrini yana-da teranroq his etmoqdamiz.

Mana shunday fayzli, shodiyona ayyomda shaharu tumanlarda, qishloq va ovullarda Navro‘z saylini o‘tkazayotgan barcha yurtdoshlarimizga yuksak hurmatim va eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Sharqona yangi yilimiz — Navro‘z har bir xonadonga, butun el-yurtimizga tinchlik-xotirjamlik, baxtu saodat va qut-baraka olib kelsin!

Yana bir bor Navro‘zi olam barchamizga, muborak va qutlug‘ bo‘lsin!

Tohir Aripov,
Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i,
general-mayor

Text to speech