20 Yanvar 2023 yil 11539

IIV Akademiyasi bakalavriatining kunduzgi taʼlim shakliga qabul eʼlon qilindi

Joriy yilning 15 fevral kuniga qadar Ichki ishlar vazirligi akademiyasi bakalavriatining kunduzgi taʼlim shakliga 2023/2024 o‘quv yili uchun qabul boshlandi.

Kimlar qabul qilinadi?

Akademiyaga yoshi 17 dan kichik (qabul yilida 17 yoshga to‘ladiganlar) va 25 dan katta bo‘lmagan, shu jumladan, 25 yoshdagi umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional maʼlumotga ega O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari o‘qishga qabul qilinadi.

Bunda faqat O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining akademik litseylari va harbiy akademik litseylar bitiruvchilari, ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilari, shuningdek profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilari qabul kvotasining 90 foizi bo‘yicha qabul qilinadi.

Akademiyaga o‘qishga kirish uchun nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 29 noyabrdagi PQ-3413-son qarori bilan tasdiqlangan “Ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi Nizom”da belgilangan talablarga javob berishi zarur.

Qanday hujjatlar talab etiladi?

Akademiyada o‘qish istagini bildirgan nomzodning arizasi (nomzod xodim bo‘lgan taqdirda bildirgisi) doimiy yashash joyi bo‘yicha hududiy ichki ishlar organlarida qabul qilinadi. Bunda nomzod o‘z ariza (bildirgi)sida tanlagan taʼlim yo‘nalishini ko‘rsatishi kerak.

Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

- nomzod tomonidan qo‘lda va kompyuterda yozilgan tarjimai hol;

- anketa (maʼlumotnoma);

- harbiy xizmatga chaqiriluvchining qayd etilganligi to‘g‘risidagi guvohnomasi yoki harbiy guvohnoma nusxasi;

- o‘qish, ish (agar o‘qiyotgan yoki ishlayotgan bo‘lsa) joyidan tavsifnoma;

- doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan joyidan sog‘ligining holat haqida belgilangan namunadagi maʼlumotnoma (bo‘y-basti ko‘rsatilgan holda);

- ota-onasining Akademiyaga o‘qishga kirishiga rozilik xati.

O‘qishga qabul qilish nechta bosqichdan iborat?

  Akademiyaga o‘qishga qabul qilish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

1) dastlabki tanlov;

2) maxsus kasbiy tanlov;

3) yakka tartibdagi yakuniy suhbat.

Dastlabki tanlov nomzodga tegishli hujjatlarni va uni tavsiflovchi maʼlumotlarni to‘plash, nomzod to‘g‘risidagi turli maʼlumotlar, shuningdek uning sog‘ligi jihatdan o‘qishga yaroqliligini aniqlashdan iborat.

Dastlabki tanlov:

fuqarolar hamda IIV akademik litseylari bitiruvchilari uchun – ularning doimiy yashash joyidagi tegishli ichki ishlar organlarida;

harbiy akademik litseylar bitiruvchilari uchun – (hujjatlarni to‘plash va o‘rganish tadbirlari) ularning doimiy yashash joyidagi tegishli ichki ishlar organlarida va (tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tadbirlari) harbiy akademik litsey joylashgan hududdagi ichki ishlar organlarida;

ichki ishlar organlari xodimlari va harbiy xizmatchilari uchun – ularning xizmat joyi va harbiy qismlarda (muassasalarda) o‘tkaziladi.

Nomzodlar vazirlik hamda ichki ishlar organlarida maxsus tashkil etilgan harbiy-tibbiy komissiyalar tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Maxsus kasbiy tanlov va yakka tartibdagi yakuniy suhbat IIV Akademiyasida bo‘lib o‘tadi.

Maxsus kasbiy tanlov quyidagilardan iborat:

- hujjatlarni o‘rganish;

- tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;

- yozma ish (bayon yoki insho);

umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash;

- chet tillarini o‘zlashtirganlik darajasini baholash.

Maxsus kasbiy tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzod yakka tartibdagi yakuniy suhbatga qo‘yiladi.

Yakka tartibdagi yakuniy suhbat huquqshunoslik, O‘zbekiston va jahon tarixi, adabiyot, maʼnaviyat asoslari va milliy istiqlol g‘oyasi hamda tarbiya fanlari bo‘yicha o‘tkaziladi.

Yuqoridagi bosqichlardan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzod Akademiya kursantlari safiga qabul qilinadi.

Text to speech