7 Iyun 2022 yil 543

Ijtimoiy tarmoqlarda "Ohangaronda haydovchi YPX inspektori tomonidan kaltaklandi va vafot etdi" izohi bilan tarqalgan xabarlar yolg‘on

Joriy yilning 20 may kuni Toshkent viloyati Ohangaron tumani O‘zar qishlog‘i hududidan o‘tgan «Nurafshon-Ohangaron» avtomobil yo‘lining 52 km da Ohangaron yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan, «VAZ-2121» rusumli davlat raqami 10 N 526 YEA bo‘lgan avtomashina YHXB inspektorlari tomonidan tekshirish uchun to‘xtatilgan.

Shu vaqtda haydovchi 1995 y.t. G‘.Sh.ning ushbu avtotransportni boshqarish uchun meʼyoriy hujjatlari yo‘qligi maʼlum bo‘lgan.

Haydovchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 135-moddasi 1-qismi bilan elektron maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomashinani vaqtinchalik jarima maydoniga joylashtirish uchun, YHXB inspektori boshqaruvida olib ketilayotganida, old o‘rindiqda o‘tirgan haydovchi G‘.Sh. avtotransport eshigini ochib, o‘zini avtomashinadan tashlab yuborgan.

YHXB inspektorlari tomonidan fuqaro G‘.Sh.ga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, Ohangaron shahar tibbiyot birlashmasiga olib borilgan.

Shifoxonada unga “Bosh miya ochiq jarohati, bosh miya qon quyilishi og‘ir holati, bosh miya siljib sinish” tashxisi qo‘yilgan.

Joriy yilning 6 iyun kuni soat 23:00 larda fuqaro G‘.Sh. Toshkent shahrida joylashgan 39-sonli shifoxonada ko‘rsatilgan muolajalarga qaramasdan vafot etgan.

Holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan tekshiruv o‘tkazilmoqda.

Ijtimoiy tarmoq faollaridan holat to‘liq o‘rganilib, vaziyatga huquqiy baho berilmaguncha, “haydovchi ayovsiz kaltaklangan” kabi yolg‘on maʼlumotlarni tarqatmasligini so‘raymiz.

Text to speech