4 Oktyabr 2021 yil 1360

Profilaktika inspektorlarining vakolatlari kengaytirilmoqda

Senat yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Qonun fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlari himoyasini kuchaytirish hamda ayrim toifadagi maʼmuriy huquqbuzarliklarga nisbatan qoʻllaniladigan jarima miqdorlarini koʻrib chiqishga qaratilgan.

Hujjat bilan profilaktika (katta) inspektorlari fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlari himoya qilinishini kuchaytirish, ularga biriktirilgan hududda jinoyatlar sonini kamaytirish, ularning oldini olish va bartaraf etish chora-tadbirlarini amalga oshirishi uchun vakolatlari kengaytirilmoqda.

Hujjat “Maʼmuriy huquqbuzarliklar boʻyicha yarashuv instituti”ni joriy etish orqali maʼmuriy ish ishtirokchilarining yarashtirilganligi munosabati bilan maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilish boʻyicha yangi normalar bilan toʻldirilmoqda.
Maʼmuriy huquqbuzarliklarni koʻrib chiqish vakolati alternativ organ sifatida profilaktika (katta) inspektorlariga berilishi natijasida huquqbuzarlik sodir etilgan joydan uzoq masofada joylashgan boshqa vakolatli organlar yoki sudlarga borishini istisno etgan holda fuqarolarning ortiqcha xarajat qilishi va sarson boʻlishining oldini olishga xizmat qiladi.

Shuningdek, sodir etilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar uchun tez taʼsirchan choralar koʻrilishi natijasida fuqarolarga qoʻshimcha ovoragarchilik va noqulayliklar tugʻilishi hamda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ortiqcha qogʻozbozlikka chek qoʻyish, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, fuqarolarga qonunga hurmat va qonun buzilishining har qanday koʻrinishiga murosasizlik munosabatini singdirishga erishiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech